
Isroilda 1,5 mln yil avval yashagan bola suyagi aniqlandi
Isroilda 1966 yilda olib borilgan qazishmalar paytida topilgan suyak 1,5 million yil avval yashagan bolaning umurtqa suyagi ekani aniqlandi. Bu haqda «The Times of Israel»ga asoslanib, Bugun xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suyak arxaik odam (gominid)ning 6–12 yoshli bolasiga tegishli bo‘lgan. U 1960 yillardan hozirgi kungacha qazish ishlari olib borilayotgan Iordan vodiysining Ubaydiya hududida yashagan.
«1966 yilda topilgan suyak Barash va professor Ella Bin tomonidan o‘rganilgan. Isroilda topilgan eng qadimgi inson qoldiqlari taxminan 1,5 million yillik tarixga ega», deyiladi xabarda.
Olimlarning ta’kidlashicha, bolaning yoshiga nisbatan bo‘yi ancha baland. Agar u balog‘at yoshigacha yashaganida, uning bo‘yi 180 santimetrdan oshgan bo‘lar edi. Suyak Isroilda inson mavjudligining eng qadimiy dalili, shuningdek, Afrikadan tashqarida topilgan ikkinchi eng qadimgi inson qoldig‘i hisoblanadi.
Qazilma dalillari va DNK tadqiqotlariga ko‘ra, inson evolyusiyasi Afrikada taxminan 6 million yil oldin boshlangan. Taxminan ikki million yil oldin qadimgi odamlar Afrikadan ko‘chib ketishni boshlab, butun Evroosiyo bo‘ylab tarqalgan, bu «Afrikadan chiqish» jarayoni deb nomlanadi.