
Turkmanistonda qora niqob taqish taqiqlandi
Ashxobodda qora rangdagi tibbiy niqob taqish butunlay taqiqlandi. Bu haqda «Turkmen news» xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ilgari faqat oq niqob taqish talabi avtomobil haydovchilariga nisbatan qo‘llangan. Biroq polisiya endilikda qora niqob taqqan piyodalarni ham to‘xtatmoqda. Ular buning sababini tushuntirmagan, shunchaki, bu bo‘yicha «hamma ogohlantirilgani» aytilgan.
Ta’kidlanishicha, polisiya «qoidabuzarlardan» 50 manat (154 ming so‘m) miqdorida jarima to‘lashni talab qilmoqda (avval jamoat joylariga niqobsiz yurganlik uchun jarima miqdori 21 manat — 65 ming so‘m bo‘lgan). Agar biror kishi joyida jarimani to‘lasa, darhol qo‘yib yuboriladi, aks holda bo‘limga olib ketiladi.
Qayd etilishicha, maktablarda qora tibbiy niqoblar uchun «ov» boshlangan. Bunday niqobdagi bolalarni suratga olib, ota-onasidan 50 manat undirilmoqda.