
"Barselona"ning umumiy qarzi qancha ekani ma’lum qilindi
"Barselona" klubi Deloitte auditorlik kompaniyasi o‘tkazgan tekshiruvlar natijasini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, hozirda klubning umumiy rasmiy qarzi 1.173 milliard yevroni tashkil qilmoqda. Klub o‘tgan vaqt davomida 481 million yevro yo‘qotgan. Maoshlarning umumiy miqdori ham boshqa top jamoalarnikiga qaraganda 40 foizga ko‘pligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Deloitte auditorlik kompaniyasi mablag‘ sarflash bilan bog‘liq shubhali operasiyalarni amalga oshirganini ma’lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra, sarf-harajatlar bilan bog‘liq raqamlar oshirib ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.
"Barselona" direktorlar kengashi hisobotdagi ma’lumotlarni shahar okrug prokuraturasiga yuborgan.
O‘tgan yilning 1 mart kuni polisiya "Barselona" ofisiga reyd o‘tkazgan hamda klubning sobiq prezidenti Xosep Bartomeu, sobiq bosh direktori Oskar Grau, advokat Roman Gomes Ponti hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Bartomeu shaxsiy manfaati yo‘lida klub nomidan bitimlar tuzgan.