Header poster
Жамият 27.12.2021

O‘zbekistonda transport vositasini mast holda boshqarganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishi kutilmoqda

Toshkent shahrida 23-dekabr kuni o‘tkazilgan yuk avtomobillari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga doir yig‘ilishda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Olim Saidov yuk mashinalari ishtirokida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Kun.uz' ning qayd etilishicha, 2021-yilning o‘tgan 11 oyida respublikada sodir etilgan YTHlar soni 8 ming 731 tani tashkil etgan. Shundan 964 tasi yoki 11 foizi yuk avtomobillari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yig‘ilishda spirtli ichimlik iste’mol qilib rul boshqarayotgan haydovchilar ham ko‘p uchrayotgani, ularga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi aytilgan.

Transport vositasini spirtli ichimlik ichgan holda boshqarish jinoyat. Hozir ayni shu yo‘nalishda Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar kiritilgan. Bu mutasaddi idoralar tomonidan o‘rganib chiqilyapti, — degan Olim Saidov.

Ma’lumot berilishicha, yil davomida yuk tashish bilan bog‘liq YTHlarda 396 kishi halok bo‘lgan, 804 nafar fuqaro jarohatlangan.

Olim Saidovning aytishicha, “B” va “C” toifadagi haydovchilarni tayyorlash tizimida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan o‘quv tashkilotlarining 4 tasi tekshirilganida 25 nafar haydovchi darslarga sababsiz qatnashmagani aniqlangan.

Bu holatga nima deb izoh berish mumkin? Ular qanday qilib o‘qishga qatnashmaydi? U o‘quv tashkilotini bitirgan haydovchi ertaga qanday harakatlanadi? Qayerda bu ko‘nikmalarni hosil qiladi, bilimni qayerdan oladi?, — degan YHXBB rahbari.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda respublika bo‘yicha yuklar aylanmasi 112, 3 foizga oshgan. Mazkur yuklarning 74,2 foizi avtomobil transporti yordamida tashilgan. Respublikada ro‘yxatga olingan 3,8 millionga yaqin transport vositalarining 8 foizi yoki 295 mingtasi yuk avtomobillari hissasiga to‘g‘ri keladi.

"Сатира" нинг Telegram каналига обуна бўлинг.

Кўпроқ янгиликлар