Header poster
Жамият 14.02.2022

Kollej va texnikumlar o‘quvchilariga ham stipendiya to‘lanishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, dual ta’lim shakliga o‘tgan kollej va texnikumlar o‘quvchilariga ham stipendiya to‘lanishi mumkin. Qolaversa, dual ta’lim shaklini joriy qilgan eng yaxshi 100 ta professional ta’lim muassasasiga har yili 50 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Dual ta’lim shakliga o‘tgan rofessional ta’lim muassasasilari (kollej va texnikumlar) o‘zining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘quvchilar uchun stipendiya yoki moddiy rag‘batlantirishlar joriy etishi mumkin.

Bu nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqida Gazeta ma'lum qildi.

Unga muvofiq 2022 yil 1 iyundan boshlab professional ta’lim muassasalariga bo‘ysunuvidagi vazirlik yoki idoralar bilan kelishgan holda dual ta’lim shaklini joriy qilishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, professional ta’limning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham davlat granti ajratiladi.

Dual ta’lim shaklida o‘qiyotgan o‘quvchilarga tegishli ish beruvchilar tomonidan to‘lanadigan ish haqi daromad solig‘i va yagona ijtimoiy soliq to‘lovlaridan ozod etiladi.

Dual ta’lim shaklida ta’lim olayotgan o‘quvchilarga tashkilotlardagi mehnat faoliyati uchun ish staji hisoblanadi.

Professional ta’lim muassasalariga dual ta’lim shaklini joriy qilishda ta’limning amaliy qismi o‘tilmasligi natijasida tejab qolingan davlat granti va to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan ish beruvchilarga subsidiya to‘lash huquqi beriladi.

Dual ta’lim shaklini joriy qilgan eng yaxshi 100 ta professional ta’lim muassasalariga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har yili 50 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bunda, professional ta’lim muassasasiga ushbu mablag‘larni xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun ishlatishga ruxsat etiladi.

Dual ta’limda ishtirok etayotgan ish beruvchilarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘quvchilarga biriktirilgan ustozlarning malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun har bir ustoz uchun bir yilda BHMning 4 baravari (1 mln 80 ming so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladi.

"Ishga marhamat" monomarkazlaridagi qisqa muddatli o‘quv kurslar va ularning bitiruvchilari uchun joriy etilgan imtiyozlar va moliyalashtirish mexanizmlari professional ta’lim muassasalarining qisqa muddatli o‘quv kurslar va ularning bitiruvchilari uchun ham qo‘llaniladi.

Dual ta’lim shaklini joriy qilgan professional ta’lim muassasalariga mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi:

Kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul parametrlarini tasdiqlash;

Dual ta’limning o‘quv rejasiga muvofiq belgilangan fanlar bo‘yicha o‘qitish materiallari to‘plamlarini, elektron ta’lim resurslarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

Ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda dual ta’lim uchun zarur bo‘ladigan o‘quv adabiyotlar shu jumladan xorijiy o‘quv adabiyotlar va qo‘llanmalarni xarid qilish;

Dual ta’lim shaklidagi guruhlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarni bir ta’lim muassasasidan boshqa ta’lim muassasasidagi dual ta’lim shaklidagi guruhga o‘qishini ko‘chirishni o‘zaro kelishuv asosida hal etish;

Ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan yuqori malakali mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, ular mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini ichki imkoniyatlari hamda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash.

"Сатира" нинг Telegram каналига обуна бўлинг.

Кўпроқ янгиликлар