
Maktablardagi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘quvchilarni majburiy jalb etish taqiqlanadi — XTV
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarni joylarda o‘zining pedagogik faoliyatdan tashqari bo‘lgan ishlarga jalb qilish holatlari haqida ma’lumotlar kuzatilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi mazkur murojaatlarga javoban xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanganini yana bir bor eslatib o‘tdi. Bu haqira Daryo xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda ayrim hududlarda o‘qituvchilarni maktab muassasalarida dars jarayonidan tashqari kechki vaqtlarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu murojaatlar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
maktablarda o‘qish jarayonidan tashqari vaqtlarda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar uyushmagan va ta’lim bilan band bo‘lmagan (18—30 yosh) yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularni tashkil etishga Yoshlar ishlari agentligi, xususan, mahallalardagi yoshlar yetakchilari mas’ul etib belgilangan.
Bunda Xalq ta’limi vazirligiga maktab infratuzilmasidan (kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali) oqilona foydalanish hamda maktablarni mahalla uchun “ma’naviyat maskani”ga aylanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalarga ushbu tadbirlarga maktab ma’muriyati, pedagog xodimlar va maktab o‘quvchilarini majburan jalb etilishi qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qiladi.
Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston prezidentining PQ-3907-sonli qarorining 16-bandi bilan quyidagilar taqiqlangan:
xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish;
xalq ta’limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish;
xalq ta’limi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va o‘rnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish.
Ushbu band bilan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan.
Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash yuklatilgan.
Shuning uchun, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda ushbu qaror bilan mas’ul etib belgilangan idoralar: O‘zbekiston Bosh prokuraturasining — 1007, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71 200-06-00 ishonch telefonlariga xabar berish mumkin. Shu bilan birgalikda, o‘qituvchilar bunday holatlarda Xalq ta’limi vazirligiga ham murojaat qilishlari uchun alohida tizim yaratilgan — "Ustozovozi.uzedu.uz".