Header poster
Жамият 11.02.2022

“Bu monopoliya emas”. Komil Allamjonov Yagona imtihon markazi o‘ziga tegishli ekanini ma’lum qildi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Toshkentda tashkil etilgan Yagona imtihon markazi o‘ziga tegishli ekanini aytib, bundan buyon yo‘llarda o‘lim bilan tugaydigan hodisalarni kamaytirishga bel bog‘laganini bildirdi.

U ushbu imtihon markazi monopoliya emasligini, davlat bergan imkoniyatdan foydalanganini ta’kidladi.

Hozir gaplarimni eshitayotgan yurtdoshim, ochig‘ini ayting, siz pul bermaganmisiz imtihondan o‘tish uchun? Yoki kamida kimgadir qo‘ng‘iroq qildirib, tanish-bilishni o‘rtaga qo‘yib, guvohnoma olmaganmisiz? ‘Mening uyimga o‘zlari olib kelib berishgan’, deydiganlar qancha?

Endi bir savol: shu to‘g‘rimi? Avtomaktablar haqqoniy o‘qityaptimi? ‘Benzinga pul tashlashib yuborlaring, hoy, ‘starosta’. Ertaga imtihon, bermagan o‘tolmaydi’, deyishmaydimi? Shu to‘g‘rimi? Albatta, bu masalada ko‘p bahslashish mumkin. ‘Avtahalokatlar bilimga emas, yo‘llarga, ularning sifati va kengligiga, yana odamlarning farosatiga bog‘liq’, degan gaplarni ko‘p eshitganmiz.

Bu gapda jon bor. To‘liq xavfsizlikka erishish uchun yo‘llarni, infratuzilmani tartibga solish zarur, albatta. Xullas, aytmoqchi bo‘lganim, men bugundan boshlab avtohalokatlar sonini pasaytirish, unda odamlarning o‘limi bilan bog‘liq holatlarni kamaytirish uchun kurashga bel bog‘ladim.

Men inson omili aralashmagan, tanish-bilishchilik aralashmagan, korrupsiya aralashmagan, sifatli va samarali imtihon markazi barpo eta olganim bilan faxrlanaman. Bu monopoliya emas. Menga bu yorliqni yopishtirishga urinmang. Hukumat shunday qaror qabul qildi va men fuqaro sifatida shu imkoniyat asosida tizim joriy qilib, litsenziya oldim. Bu manfaatlar to‘qnashuvi ham emas. Qaror qabul qilinishida men tomonimdan lobbi ham bo‘lmagan.

Oldin tayyorlagan qo‘llanmalarimiz, eng zo‘r o‘quv dasturlarimizni shunga yo‘naltirdik. Bu bozor rostdan ham ochiq. Lekin unda g‘irromlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Imkoniyat bor, yangi muassasalar ochilsin, sifatli ishlasin, pulini halollab olsin, faqat guvohnoma sotadigan do‘konga aylanmasin.

Men jamoatchilik e’tiborini shu tarafga qaratishga, sifatli va korrupsiyadan xoli tizim shakllanishini nazoratga olishga chaqiraman. Guvohnomani osongina olmoqchi bo‘lganlarga maslahatim: o‘qib, bilim oling. Mashina haydashni ko‘chada emas, avtomaktabda o‘rganing va sizga sifatli ta’lim berishlarini talab qiling. Chunki o‘qimas ekansiz, ming vallomati bo‘lsangiz ham, endi haydovchilik guvohnomasini ololmaysiz.

Avtomaktablar, siz esa bunday loyihalarni sabotaj qilishni to‘xtating. Har xil ‘fortochka’lar qidirmang. Undan ko‘ra, har bir o‘quvchini yaxshilab imtihonga tayyorlang, shundagina yutasiz, o‘tdi u davrlar. Endi bu masalaga shaxsan davlat rahbarining o‘zi e’tibor qaratdi. Hammamiz ‘yo‘qolsin korrupsiya’, ‘korrupsiyaga chek qo‘yish kerak’, deymiz. Mana o‘sha korrupsiyani yo‘qotish mexanizmlaridan biri. Men — Komil Allamjonov shu kurashda faol bo‘lishni o‘zimning fuqarolik burchim, deb bildim. Siz ham meni qo‘llaysiz, deb o‘ylayman.

Alloh hammamizning omadimizni bersin.

"Сатира" нинг Telegram каналига обуна бўлинг.

Кўпроқ янгиликлар