
Mirishkor tumanida hokim o‘rinbosari 50 ming AQSH dollari bilan qo‘lga tushdi
Bu haqda bugun bir qator dolzarb masalalarga doir o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Murodjon Azimov ma’lum qildi.
"Mana Mirishkor tumani hokimining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yaxshiyev yer masalalari hokimlikdan ketgan bo‘lsada, fuqaroning ishonchiga kirib, 80 000 AQSH dollarining 50 000ni olayotganda qo‘lga tushgan. Bu ishda tuman hokimini ham oqlamayman. Ijtimoy tarmoqlarni o‘qidingizmi Sh.Sanayev "baliq boshidan" degan gaplar chiqayapti. Afsuski, bu gaplarda jon bor. Mirishkorga borganimda nuroniylar yo‘limga chiqib, tuman markaziga ichimlik suvi olib keling, degandi. Shu ishlar bilan shug‘illanmasdan faqat o‘zini o‘ylaydigan, tez boyishni o‘ylaydigan jamoa yig‘ilganmi hokimlikda?
Viloyat va tuman(shahar) hokimliklarida ishlaydigan oddiy xodimgacha o'rganib chiqiladi. "Ishingizni hal qilib beraman" deydigan ishbilarmon xodimlardan shu soniyani o'zida voz kechiladi.
Ishlamaydigan ko‘cha odamlari ham ayrim tuman hokimliklariga kirib chiqayotgani haqida ham xabarim bor. Aslida, sizlar unday odamlarni yaxshi ko‘rasizlar, men esa unday zararkunandalarni yomon ko‘raman, rivojlanishga g‘ov bo'layotganlar qatorida ular ham turadi. Hokimliklarga kirish-chiqish masalalari ham to‘liq nazoratga olinadi.
Bir nechta hokimlarni ham aybini, kirdikorini yoki o‘z vazifasini vijdonan bajarmaganini bo'yniga qo'yib ishdan olishni boshladim. Huquqiy o‘rganishlar tugasin, ko‘p narsalarni eshitasizlar.
Mirishkor tumani hokimi Sherali Sanayev siz tajribali va halol odamsiz. Xodimlaringizni ham nazorat qiling, qattiq ushlang, qonun ustivor bo‘lishi kerak siz rahbar bo‘lgan joyda",–dedi Murodjon Azimov
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibining xabar berishicha, Mirishkor tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari 50 ming AQSH dollari bilan qo‘lga tushganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlangan.