Header poster

Qoraqalpog‘istonda 100 megavattli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi

17-dekabr kuni ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quriladigan 100 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (ShES) loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi. Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etadi. Bu haqida Daryo xabar berdi.

Qorao‘zak shamol elektr stansiyasi loyihasi O‘zbekistondagi birinchi shamol energetikasi loyihasi bo‘lib, uning investori ochiq tender natijalariga ko‘ra tanlangan ACWA Power kompaniyasi bir kVtsoat elektr energiyasi uchun 2,5695 sent tarifini taklif qilib, tenderda g‘olib chiqqan.

Loyihani amalga oshirish uchun maxsus tashkil etilgan ACWA Power Wind Karatau FE LLC MChJ kompaniyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzolagan. Shuningdek, ACWA Power Wind Karatau FE LLC MChJ va ACWA Power kompaniyalari Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston hukumati bilan Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimni (GSA) imzolagan.

Hujjatlarni imzolash marosimida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) vakillari ishtirok etgan.

Qorao‘zak tumanidagi shamol elektr stansiyasi ACWA Power kompaniyasining O‘zbekistondagi to‘rtinchi loyihasi hisoblanadi. Kompaniya, xususan, "O‘zbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida ikkita bug‘-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish" loyihasini amalga oshirishda hamkor hisoblanadi.

Qorao‘zak shamol elektr stansiyasi uchun elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnomaning imzolanishi mamlakatimiz va kompaniyamiz uchun yana bir muhim yutuq bo‘ldi, chunki bu O‘zbekiston hukumati bilan o‘sib borayotgan aloqalarimizni va mamlakatning energetika sohasida liberal bozorga o‘tish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha majburiyatimizni mustahkamlaydi, — degan ACWA Power kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Tom Tirlink.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ushbu ShES loyihasi O‘zbekiston hukumatining mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda quvvatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. 2026-yilga borib quyosh va shamol energiyasining umumiy quvvati 8 GVtni tashkil etishi rejalashtirilgan.

"Сатира" нинг Telegram каналига обуна бўлинг.

Кўпроқ янгиликлар